Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

IqtisodiyotYangilandi 27.11.2026, 18:28

Xitoy chip ishlab chiqaruvchilari aksiyalari keskin oshdi

Xitoy chip ishlab chiqaruvchilari aksiyalari juma kuni hukumat bozorni qoʻllab-quvvatlashda davlat fondlarining rolini kengaytirishga vaʼda berganidan soʻng keskin oshdi.

Material manbasi · AsiaToday

cnbc.com

Pekinda Xitoy Davlat kengashi davlat fondlarining bozorni barqarorlashtirishdagi rolini kuchaytirishga va yetarli likvidlikni taʼminlashga vaʼda berdi. Yigʻilishga Davlat kengashi bosh vaziri Li Qiang raislik qildi.

Xabar eʼlon qilinganidan soʻng, savdolar davomida texnologik kompaniyalar taqdim etilgan STAR indeksi 14 foizga oshdi. 40 ta chip ishlab chiqaruvchini oʻz ichiga olgan CSI Semiconductor indeksi 17,6 foizga koʻtarildi — bu uning butun tarixidagi bir kunlik eng yirik oʻsishdir. CXMT, Cambricon va SMIC aksiyalari yetakchilar qatoridan joy oldi.

Shanxay, Shenchjen va Pekin birjalaridagi savdo aylanmasi avvalgi savdo sessiyasiga nisbatan 52 foizga yuqori boʻldi. Hukumat, shuningdek, sugʻurta va pensiya mablagʻlarini aksiyalarga koʻproq yoʻnaltirishga, birjada roʻyxatga olingan kompaniyalarni dividendlarni oshirish va aksiyalarni qayta sotib olish hajmini koʻpaytirishga undashga, shuningdek, moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashni kuchaytirishga vaʼda berdi.

Xabarda barqarorlashtirish fondlari, jumladan, davlatga qarashli Central Huijin Investment alohida tilga olindi. Yigʻilish yakunlari haqidagi maʼlumotlarning savdolar tugaganidan keyin emas, ular avjida eʼlon qilinishi bozor tomonidan qoʻllab-quvvatlash signali sifatida qabul qilindi. Bu oʻsish AQShning XXR kompaniyalarining sunʼiy intellekt uchun ilgʻor chiplardan foydalanishiga doir yangi cheklovlari fonida Xitoy aksiyalari pasayganidan keyin yuz berdi.