Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

IqtisodiyotYangilandi 27.11.2026, 14:20

Qozogʻiston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston Kaspiy orqali Yevropaga energiya kabeli loyihasi ustida ishlamoqda

Qozogʻiston elchisi Alim Bael Markaziy Osiyodan Ozarbayjon orqali Yevropaga «yashil» elektr energiyasi yetkazib berish uchun Kaspiy tubidan kabel oʻtkazish rejalashtirilayotganini maʼlum qildi.

Material manbasi · Globo

astanatimes.com

Uning soʻzlariga koʻra, mazkur liniya Markaziy Osiyodan Kaspiy va Qora dengizlar orqali Yevropaga boradigan energiya koʻprigining bir qismiga aylanadi. Shuningdek, u optik tolali aloqa liniyasidan keyingi ikkinchi transkaspiy infratuzilma loyihasi boʻlishi mumkin.

Ozarbayjon energetika vaziri Parviz Shahbazov avvalroq «Markaziy Osiyo — Ozarbayjon» «yashil» energiya koridorini 2032-yilda ishga tushirish rejalashtirilayotganini aytgandi. Uch mamlakat bunday energiyani rivojlantirish va uzatish boʻyicha strategik sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni 2024-yil 13-noyabr kuni Bokuda oʻtkazilgan COP29 doirasida imzolagan.

Loyihani amalga oshirish uchun energetika tizimlari operatorlari Green Corridor Allianceʼni tuzdilar. Qoʻshma korxona tarkibiga «Azerenerji», KEGOC va «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» kirdi. Bael, shuningdek, Qozogʻiston sanoatni rivojlantirish va eksport uchun elektr energiyasi profitsitiga umid qilayotganini, elektr stansiyalari hamda boshqa obyektlarni qurish esa milliardlab dollar talab qilishini bildirdi.