Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

IqtisodiyotYangilandi 27.11.2026, 14:51

Fargʻona viloyatida 20 mlrd dollarlik investitsiya portfeli yaratildi

2027 yilda viloyat maʼmuriyati 6,1 mlrd dollar xorijiy investitsiya jalb etib, eksportni 2 mlrd dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda

Material manbasi · Tribune

gov.uz

Portfelga umumiy qiymati kamida 20 mlrd dollarga teng loyihalar kiritildi. Xorijiy investorlar bilan energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

Viloyatda samarasiz foydalanilayotgan 1,5 ming gektar yer maydonida maxsus sanoat zonalarini tashkil etish maʼqullandi. Fargʻonada kimyo sanoati korxonalarining boʻsh turgan maydonlari negizida innovatsion texnopark ochish, «Eltexsanoat» texnoparki hududini kengaytirish va Dangʻara tumanida uning filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ustuvor yoʻnalishlar qatoridan kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, akkumulyatorlar, avtomobil butlovchi qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish oʻrin olgan.

Qishloq xoʻjaligida intensiv bogʻdorchilikka oʻtish, eksport uchun mahsulotlarni qayta ishlash va qadoqlashni kengaytirish, shuningdek, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish taklif etildi. Rasmiylar ushbu choralar hisobiga viloyatdagi 1,1 mln aholining daromadlarini oshirishni koʻzlamoqda.

Yigʻilishda turizm, shahar infratuzilmasini rivojlantirish va fuqarolarni xorijda ishlashga tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqildi. Margʻilon va Fargʻona shaharlarida jami 600 ming aholiga moʻljallangan shaharsozlik loyihalari rejalashtirilmoqda. Prezident rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish va aholi muammolarini manzilli hal etishni topshirdi.