Apple muhrlangan qutidagi iPhoneʼlarni tekshirishni oʻrgandi
Apple oʻz doʻkonlarida iPhone qutilari ichidagini qadoqni ochmasdan tekshirish imkonini beruvchi yangi uskunalarni joriy etishni boshladi.

Qurilmalar doʻkonlarga oktabr boshida yetkazilgan, hozir esa kompaniya ularni bosqichma-bosqich ishga tushirmoqda. Bunga smartfonlarni qaytarish paytida sodir boʻlgan firibgarlik holatlari sabab boʻldi: iPhoneʼlar yoki gadjetlarning ayrim komponentlari qutilardan chiqarib olinib, oʻrniga ogʻirlashtiruvchi buyumlar qoʻyilgan, soʻng qadoq qayta muhrlanib, tovar doʻkonga qaytarilgan.
Avval xodimlar tashqi tomondan shikastlanmagan qutilarni ham ochishiga toʻgʻri kelar, shundan keyin qaytarilgan qurilmalar qoʻshimcha ishlovga yuborilardi. Endi yangi uskuna qadoq butligini buzmagan holda smartfon va uning komponentlari borligiga ishonch hosil qilish imkonini beradi. Agar tekshiruv hech qanday buzilishlarni aniqlamasa, tovarni yana sotuvga chiqarish mumkin.
Jurnalist Mark Gurman maʼlumotlariga koʻra, yangi qurilmalarda muhrlangan qutilardagi iPhoneʼlarda iOSʼni yangilash imkonini beruvchi Presto tizimiga oʻxshash texnologiyalar qoʻllanadi.


