Panama El-Ninyo sabab jiddiy suv inqiroziga duch keldi
Suv tanqisligi sabab kemalar qatnovi allaqachon cheklangan, qurgʻoqchilik esa Panama fermerlari, ichimlik suvi taʼminoti va energetikasiga xavf solmoqda.
Panamaning Asuero mintaqasida yomgʻirli mavsumda yogʻingarchilik juda kam boʻldi. Suv havzalari, soylar va daryolar toʻyinmadi, yaylovlar esa quruq mavsum oldidan tiklanmadi.
Fermerlar hayvonlarni sugʻorish va boqish uchun yetarli narsa boʻlmasligidan xavotirda. Shu sababli ular chorvaning bir qismini, jumladan qimmatbaho nasldor hayvonlarni sotishga majbur boʻlmoqda.
Atrof-muhit vaziri Xuan Navarro iqlim oʻzgarishi El-Ninyo hodisasini yanada tez-tez va ogʻirroq yuz beradigan qilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, hozirgi hodisa tarixdagi eng kuchli hodisa boʻlishi mumkin, mamlakat uchun oqibatlar esa hali yanada kuchayadi.
Panama kanali mamlakat yalpi ichki mahsulotining 7,7 foizigacha boʻlgan qismini taʼminlaydi, u orqali jahon dengiz savdosining qariyb 5 foizi oʻtadi. Gatun va Alaxuela suv omborlari, shuningdek, qariyb 2 mln kishini ichimlik suvi bilan taʼminlaydi hamda gidroenergetika ishlab chiqarishini qoʻllab-quvvatlaydi.
Hokimiyat organlari Indio daryosida suv ombori qurishga qariyb $1,5 mlrd yoʻnaltirmoqda. Loyiha Gatun koʻlini toʻldirib turishi kerak, biroq uning amalga oshirilishi oqibatida 550 ta oilaning yerlari suv ostida qoladi.
Navarroning fikricha, qurgʻoqchilikdan tashqari, eskirgan infratuzilma va suv taʼminoti tizimidagi yoʻqotishlar ham muammo boʻlib qolmoqda. Asuero fermerlari uchun uzoq muddatli loyihalar yaqinlashib kelayotgan quruq mavsumdayoq yem-xashak tanqisligi muammosini hal qilmaydi.