Samarqandda IMKON bolalar reabilitatsiya markazi faoliyatini boshladi
Maktabgacha taʼlim boʻlimi 150 oʻringa, ambulatoriya boʻlimi esa oyiga 100 nafar bolaga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan
Samarqanddagi IMKON markazi «Bolalar farovonligiga investitsiyalar: kelajak avlodlarning barqaror va adolatli rivojlanish yoʻli» xalqaro sammiti davomida faoliyatini boshladi. Muassasa Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida faoliyat yuritadi hamda maktabgacha taʼlim, korreksion-pedagogik yordam va kompleks reabilitatsiya xizmatlarini oʻz ichiga oladi.
Mashgʻulotlar mazmuni har bir bola uchun alohida belgilanadi. Mutaxassislar ota-onalarga uy sharoitida allaqachon oʻzlashtirilgan koʻnikmalarni mustahkamlashni davom ettirish boʻyicha tavsiyalar berishi mumkin. Koʻrsatiladigan yordam turlaridan davolovchi jismoniy tarbiya, nutq va mayda motorikani rivojlantirish mashqlari, sensor integratsiya, fizioterapiya hamda boshqa muolajalar oʻrin olgan.
Markaz shtatida shifokorlar, defektolog-pedagoglar, logopedlar, psixologlar va reabilitatsiya mutaxassislari boʻladi. Samarqanddagi markaz Nukus, Qibray, Qarshi va Zarafshonda ham faoliyat yuritayotgan IMKON tarmogʻining bir qismiga aylandi. Fargʻonada shunday markaz qurilmoqda, yana ikkita markazni Namangan va Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida qurish rejalashtirilgan.

