NVIDIA konferensiyasida AI bozorining uchta asosiy muammosi belgilandi
Qisqacha aytganda, bular — neobulutli xizmatlar, maʼlumotlar markazlari va mablagʻ yetishmasligi

NVIDIA rahbari Jensen Huang Yevropa boʻylab bir yarim haftalik safarini yakunladi. U dunyo yetakchilari — Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernem, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Germaniya kansleri Fridrix Merts bilan uchrashishga, shuningdek, mamlakatning yangi AI xabi sifatidagi istiqbollarini muhokama qilish uchun Qozogʻistonga tashrif buyurishga ham ulgurdi.
GTC doirasida investorlar, “neobulutli” (neocloud) provayderlarning yuqori lavozimli menejerlari va maʼlumotlar markazlarini quruvchilar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlar yakunlariga koʻra, sharhlovchilar AI infratuzilmasi bozoridagi asosiy tendensiyalar va muammolarni ajratib koʻrsatdi.
1. “Neobulutli” sektor bosim ostida. Konferensiya yakuni neobulutli kompaniyalar aksiyalarining ommaviy sotuviga toʻgʻri keldi: CoreWeave qimmatli qogʻozlari 10 foizga pasaydi, Nebius aksiyalari esa 7 foizga tushdi. Bozor AI hisob-kitoblari uchun quvvatlarni ijaraga beruvchi kompaniyalarning yuqori qarz yukidan xavotirda.
2. Konteyner ichidagi maʼlumotlar markazi. AI quvvatlarini ishga tushirishdagi toʻsiqlarni bartaraf etish uchun NVIDIA Vera Rubin stendlarini taqdim etdi. Ular oddiy yoʻllarda tashish uchun moʻljallangan standart yuk konteynerlariga bevosita joylashtirilgan.
Huangning soʻzlariga koʻra, maʼlumotlar markazlarini ishga tushirishdagi kechikishlar sohaga boy berilgan daromad koʻrinishida milliardlab dollarga tushmoqda. Mobil modullar hisoblash tizimlarini foydalanishga topshirishni keskin tezlashtirish imkonini beradi. Ixchamroq maʼlumotlar markazlarini joylashtirish yechimlarini izlayotgan OpenAI va Anthropic kabi gigantlar ham loyiha bilan allaqachon qiziqmoqda.
3. Kapital taqchilligi. AI infratuzilmasini kengaytirish uchun ulkan moliyaviy mablagʻlar kerak. Goldman Sachs hisob-kitoblariga koʻra, 2026–2031-yillarda AI uchun jami kapital xarajatlar 7,6 trln dollarga yetadi.
Quvvati 1 GVt boʻlgan bitta maʼlumotlar markazi taxminan 50 mlrd dollarga tushadi.
Infratuzilmani moliyalashtirish boʻyicha ekspertlar tasdiqlashicha, yaqin vaqt ichida soha rivojining asosiy toʻsigʻiga texnologiyalar emas, aynan boʻsh mablagʻlarning yetishmasligi aylanadi.



