Oʻzbekiston mikrosxemalarni ishlab chiqarish va loyihalashda Malayziya tajribasini oʻrganmoqda
Malayziya tashkilotlari Oʻzbekistonlik muhandislarni oʻqitishga tayyor, ikki mamlakat universitetlari esa mikroelektronika sohasida hamkorlik qilishga kelishib oldi
Malayziyada Oʻzbekiston delegatsiyasi yarimoʻtkazgichlar sohasidagi hamkorlik, mutaxassislar tayyorlash va taʼlim tashabbuslari boʻyicha muzokaralar olib bordi. Tashrif ishtirokchilari Selangordagi «IC Design Park 1» majmuasiga borib, kompaniyalar bilan mikroelektronika muhandislarini oʻqitish masalasini muhokama qildi.
Selangor axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyot korporatsiyasini boshqaruvchi Yong Kai Ping Oʻzbekistonga mikrosxemalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan kompaniyalar tashkil etish va mutaxassislar tayyorlashni kengaytirishni tavsiya qildi. ASEM Oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun nazariy mashgʻulotlarni amaliyot bilan uygʻunlashtiradigan kurslar tashkil etishga tayyorligini maʼlum qildi.
TPM texnoparkida delegatsiya yarimoʻtkazgich plastinalarini ishlab chiqarish, prototiplar yaratish va mikrosxemalarni sinovdan oʻtkazish bilan bogʻliq MIMOS Berhad laboratoriyalarini koʻzdan kechirdi. Kompaniya vitse-prezidenti Ramesh Kumar MIMOS Academy muhandislar va tadqiqotchilar uchun taʼlim tashkil etishi mumkinligini aytdi.
Sunʼiy intellekt va yarimoʻtkazgichlar boʻyicha sammitda Toshkent texnologiyalar universiteti ASEM va GreatAsic Technology bilan hujjatlarni imzoladi. Cyber University esa Asia e University hamda Asia Pacific University of Technology & Innovation bilan kelishuvlar tuzdi. Ushbu hujjatlar sunʼiy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash va integral sxemalarni loyihalash boʻyicha amaliy koʻnikmalarni takomillashtirishni nazarda tutadi.




