Toshkentda bozorlar va savdo majmualari inventarizatsiyadan oʻtkaziladi
Mutaxassislar hududlardan yanada oqilona foydalanish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi

Poytaxtda mutaxassislar bozorlar va savdo majmualarini oʻrganadi. Ular bino va inshootlarning kadastr hujjatlarini, mol-mulk haqidagi maʼlumotlarni, mulkdorlar roʻyxatini hamda obyektlarning moliyaviy holatini tekshiradi.
Hududlarda noqonuniy qurilmalar bor-yoʻqligi aniqlanadi va ularni bartaraf etish choralari koʻriladi. Shuningdek, chegaralar, muhofaza zonalari va amaldagi cheklovlar oʻrganiladi, soliqlar hamda boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzdorlik alohida koʻrib chiqiladi.
Tekshiruvni Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi, tuman hokimliklari, soliq organlari, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi va «Tashkent Invest kompaniyasi» AJ oʻtkazadi. Ishlar poytaxtni 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralari doirasida tashkil etiladi.



