Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

IqtisodiyotYangilandi 27.11.2026, 10:00

Tadbirkorlar bitta ariza orqali banklarning bir nechta kredit taklifini olishlari mumkin boʻladi

Biznes uchun kompaniyani tashkil etishdan tortib uni kengaytirish va tashqi bozorlarga chiqishgacha boʻlgan moliyaviy hamda nomoliyaviy xizmatlarni birlashtirish rejalashtirilmoqda

Material manbasi · Chronicle

Prezident Shavkat Mirziyoyev biznesni qoʻllab-quvvatlash tizimini rivojlantirishni topshirdi. Bu tizim doirasida tadbirkorlar bitta ariza orqali bir nechta bankdan kredit takliflarini olishlari mumkin boʻladi.

Qoʻllab-quvvatlashning boshqa vositalari qatorida kreditlar, kafolatlar va kafilliklar, lizing, faktoring, venchur moliyalashtirish hamda kapitalga investitsiyalar tilga olindi. Tadbirkorlarga, shuningdek, taʼlim olish, boshqaruv, texnologiyalarni joriy etish va investorlarni jalb qilish masalalarida yordam beriladi.

Markaziy bank kreditga layoqatlilikni baholashning muqobil usullarini joriy etish hamda banklar va fintech-kompaniyalar oʻrtasida maʼlumotlarni xavfsiz almashishni taklif qildi. Bu bitta ariza orqali birdaniga bir nechta bankdan taklif olish imkonini berishi kerak. Shuningdek, moliyaviy nizolarni suddan tashqari tartibda hal etish va xatarlarni boshqarishning yangi mexanizmlari ham koʻrib chiqilmoqda.

Hududlarda biznes-inkubatorlar, loyiha ofislari hamda mikro, kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash markazlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida koʻrsatishmoqchi. 2030-yilgacha kompaniyalarning yirikroq toifalarga oʻtishini tezlashtirish va sektorning bandlikdagi ulushini 80 foizga yetkazish moʻljallangan.