Nyu-York avtomobilga oʻrnatilgan funksiyalar uchun obunalarni taqiqladi
Nyu-York gubernatori Keti Xokul avtomobilda allaqachon oʻrnatilgan uskunalar uchun obunalarga qarshi qonunni imzoladi. U 2027-yil 27-fevralda kuchga kiradi.
Material manbasi · Chronicle

Nyu-York shtatida qonun 2027-yil 27-fevraldan amal qila boshlaydi. U avtomobil sotib olinganda yoki ijaraga olinganda oʻrnatilgan uskunadan foydalanadigan, ishlab chiqaruvchi yoki uchinchi tomonning doimiy xarajatlari yoxud koʻmagini talab qilmaydigan funksiyalarga taalluqli.
Pullik oʻrindiq isitkichlari, aylanma koʻrish kameralari, avtomatik uzoqni yorituvchi faralar va masofadan ishga tushirish funksiyalari taqiq doirasiga tushishi mumkin. Ishlab chiqaruvchilar xavfsizlikdagi nuqsonlarni tuzatadigan yangilanishlar uchun ham haq ololmaydi. Shtat Senati qonunni 57 ga qarshi 3 ovoz bilan maʼqulladi.
Xokul bu amaliyotni isteʼmolchilarni chalgʻituvchi biznes modeli deb atadi. Qonun lizing va kredit toʻlovlari, navigatsiya yangilanishlari, multimedia funksiyalari, sunʼiy yoʻldosh radiosi, Wi-Fi, telematika, yoʻlda yordam va uyali aloqa tarmoqlariga bogʻliq xizmatlarga tatbiq etilmaydi.
Dasturiy taʼminotga bogʻliq haydovchiga yordam tizimlari, jumladan Teslaʼning Full Self-Driving va GMʼning Super Cruise tizimlari bundan mustasno. Maʼlumotlar yoki dasturiy taʼminot talab qiladigan funksiyalar uchun obunalar saqlanib qolishi mumkin. Qoidabuzarlik uchun har bir savdo nuqtasiga har bir holatda 250 dollargacha fuqarolik jarimasi solinadi.
