Tashkent Cityʼda uy hayvonlarini saqlash qoidalarini qatʼiylashtirish taklif qilindi
Tashkent Cityʼda uy hayvonlarini saqlash va sayr qildirish qoidalarini joriy etish taklif qilindi. Loyiha 10-dekabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilgan.
Material manbasi · Newsroom

Uy hayvonlari egalari ularni roʻyxatdan oʻtkazishi, har yili qayta roʻyxatdan oʻtishi, hayvonlarni quturishga qarshi emlatishi va soat 22:00 dan 08:00 gacha sukunatga rioya qilishi shart boʻladi. Uy hayvonlarini sayr qildirishda tasma ishlatilishi kerak, tajovuzkor xatti-harakat qilish xavfi boʻlgan itlar esa tumshuqbogʻda boʻlishi lozim. Hayvonlarni tasmasiz faqat maxsus maydonchalarda qoʻyib yuborishga ruxsat beriladi.
Loyiha, shuningdek, uy hayvonlarini qarovsiz qoldirishni, jamoat joylarida qarovsiz hayvonlarni boqishni, shuningdek, hayvonlarni qator jamoat muassasalari va maskanlariga olib kirishni taqiqlaydi. Tutib olingan uy hayvonlari besh kun davomida saqlanadi; egalari veterinariya pasportini taqdim etib, xarajatlarni toʻlagach, ularni olib ketishi mumkin boʻladi.
