Huawei tijorat sirlarini oʻgʻirlashda aybdor deb topildi
Nyu-Yorkdagi federal sud hayʼati Huawei va uning uch shoʻba kompaniyasini tijorat sirlarini oʻgʻirlash, bank firibgarligi hamda AQSh sanksiyalarini buzishda aybdor deb topdi.
Material manbasi · Newsroom

Nyu-York Sharqiy okrugi federal sudida uch oy davom etgan jarayon yakunida hayʼat Huaweiʼni 12 jinoiy banddan 10 tasi, jumladan, pul yuvish, bank oʻtkazmalari firibgarligi va AQShni aldash maqsadidagi til biriktirish boʻyicha aybdor deb topdi. Kompaniya reketga oid jinoiy til biriktirish va odil sudlovga toʻsqinlik qilish ayblovlari boʻyicha oqlandi.
AQSh Adliya vazirligi versiyasiga koʻra, Huawei va uning tuzilmalari dollar hisob-kitoblari hamda moliyalashtirishga kirish uchun Erondagi faoliyatini yillar davomida yashirgan. Kompaniya u yerda Skycom nomi bilan ishlab, internet tarmoqlariga xizmat koʻrsatgan va hukumatga foydalanuvchilarning internetga kirishini nazorat qilishda yordam bergan. Tergov Huawei AQSh kompaniyalarining intellektual mulki — internet-marshrutizatorlar uchun boshlangʻich kod va qoʻllanmalar, antenna texnologiyalari hamda robotlarni sinash tizimlarini oʻgʻirlashda qatnashganini ham taʼkidlagan.
Huawei Device, Futurewei va Huawei Device USA nomli uch shoʻba kompaniya ham aybdor deb topildi. 2027-yil 14-sentabrga belgilangan jazo tayinlash majlisida ularga jarima, mol-mulkni musodara qilish va kompensatsiya toʻlash majburiyati yuklanishi mumkin. Huawei vakili ayblovlarni asossiz deb atab, kompaniya qaror ustidan shikoyat qilishni rejalashtirayotganini bildirdi.
