Londonda shahar tarixi muzeyi Viktoriya davri bozori binosida ochiladi
London Museum 1880-yillarda qurilgan sobiq Smitfild bozorini jamoatchilik uchun ochdi. Bu muzeyning Barbican Estate yonidagi binodan koʻchishining birinchi bosqichidir.
Material manbasi · Republish

Stanton Williams, Asif Khan va Julian Harrap Architects arxitektura byurolari 1990-yillarda yopilgan binoni oʻn yil davomida rekonstruksiya qildi. Muzey ekspozitsiyalarini Germaniyaning Atelier Brückner studiyasi ishlab chiqdi. London Museum maʼlumotlariga koʻra, bu dunyoda bitta shahar tarixiga bagʻishlangan eng yirik muzeydir.
Sobiq savdo zalida Our Time galereyasi, yer ostida esa tarixiy artefaktlar namoyish etiladigan Past Time doimiy ekspozitsiyasi joylashtirildi. Restavratsiya vaqtida gʻisht terimi, avvalgi orayopmalar izlari va qayta tiklangan interyer elementlari saqlab qolindi. Binoda, shuningdek, doʻkon, auditoriya, restoran, oʻquv maydonlari va tunu kun ishlaydigan kafe faoliyat yuritadi.
Bozor perimetri boʻylab joylashgan 42 ta savdo nuqtasi 12 ta koʻp qavatli xonaga aylantirildi. Ularning oltitasini muzey egallaydi, qolganlarini esa hamkor tashkilotlarga taqdim etish rejalashtirilgan. Kirish joyi yopiq West Poultry Avenue koʻchasi boʻlib, u ayni vaqtda Real Time galereyasiga ham aylantirildi.
Qoʻshni, 1960-yillarda qurilgan Poultry Market bozorini ham arxitektorlar qayta moslashtiradi; uning ochilishi 2028 yilda kutilmoqda. Bino ostidan topilgan yerosti ravoqlarini 2027 yil bahorida tashrif buyuruvchilar uchun ochish rejalashtirilgan. Koʻchish boshlanayotgan Barbican Estate yonidagi avvalgi Museum of London binosini buzish rejalashtirilgan.
