Axborot agentligi
Maʼlumotlar va bozorlar →

SiyosatYangilandi 27.11.2026, 11:14

Fransiyada Rossiyaning «Google»i Irlandiyadagi Googleʼdan 1,9 mlrd yevro undirishga urinmoqda

Googlening Rossiyadagi shoʻba kompaniyasi turli mamlakatlardagi sudlar orqali Googlening boshqa tuzilmalaridan pul undirishga urinmoqda. Fransiyada esa bu yoʻlda endigina ilk qadam tashlandi.

Material manbasi · YangiLeaks

championat.com

Avval Rossiyaning «Gugl» MChJ kompaniyasi reklama sotar va katta miqdordagi pullarni Googlening Irlandiyadagi boʻlinmasi — Google Ireland Limitedʼga oʻtkazardi. 2018–2022 yillarda gap yuzlab milliard rubl haqida borgan. Yangi shartnomaga koʻra esa Rossiya kompaniyasi tushumining 97 foizidan 98,5 foizigacha boʻlgan qismini Irlandiyadagi tuzilmaga bergani aytiladi.

Moskva arbitraj sudi bu oʻtkazmalar va shartlarni noqonuniy deb topib, Irlandiyadagi tuzilmadan 160 mlrd rubldan ortiq mablagʻ undirish haqida qaror chiqardi. Bu summa asossiz boyish uchun asosiy qarz hamda foizlarni oʻz ichiga oladi.

Rossiya sudining qarori Yevropada oʻz-oʻzidan ijro etilmaydi — uni mahalliy sud orqali tan oldirish kerak. Shu sababli Rossiya shoʻba kompaniyasi qarorni turli mamlakatlarda ijro ettirishga urinmoqda. Bunday mamlakatlar soni oʻntadan oshgan, ular orasida, masalan, Janubiy Afrika Respublikasi ham bor.

Fransiyadagi sud ijrochilari Google France ofisiga kelib, 1,9 mlrd yevrolik taʼmin choralarini qoʻllash haqidagi bildirishnomani topshirdi.

Advokatning soʻzlariga koʻra, gap hisoblarni bevosita bloklash haqida emas, balki Googleʼning Fransiyadagi ofisi ichki shartnomalar asosida Irlandiyadagi boʻlinma oldida ega boʻlishi mumkin boʻlgan qarzlar yoki majburiyatlar haqida bormoqda. Yaʼni Fransiyadagi yuridik shaxs «uchinchi tomon» sifatida Irlandiyadagi kompaniya foydasiga moʻljallangan mablagʻlar yoki majburiyatlarga ega boʻlishi mumkin.

Hozircha bu ish sud muhokamasidan oldingi dastlabki taʼmin chorasi hisoblanadi. Haqiqatan ham biror narsa undirish yoki uni xatlovga olish uchun Fransiya sudi Rossiya sudining qarorini umuman Fransiyada ijro etish mumkinmi, degan masalani hal qilishi kerak. Advokatning bahosiga koʻra, bu jarayon kamida bir yil davom etishi mumkin.

Fransiyada bu Rossiya daʼvolari bilan bogʻliq ikkinchi shunday holatdir. 2025 yil dekabrida gap Rossiya yuridik shaxsi bankrot boʻlishidan oldin mablagʻlarning AQShdagi bosh kompaniya — Google International LLCʼga chiqarib yuborilganini nizolash bilan bogʻliq 112 mln yevro haqida borgan.

Aslida, bu uzoq davom etayotgan huquqiy urushning bir qismi boʻlib, unda Rossiya tomoni Rossiya sudlari qarorlarini ijro ettirish uchun Googlening xorijdagi tuzilmalari aktivlari va hisob-kitoblariga tayanishga urinmoqda.