FT maʼlumotlariga koʻra, Nvidia Janubi-Sharqiy Osiyoga sunʼiy intellekt serverlari yetkazib berishni toʻxtatishni buyurdi
Server ishlab chiqaruvchilar mintaqaning toʻrt mamlakatidagi mijozlariga Nvidia buyurtmalarni joʻnatishni taqiqlaganini maʼlum qildi. Bunga AQShning yangi eksport qoidalari sabab boʻlgan.
Material manbasi · YangiLeaks

Yetkazib berishlar xavf ostida qoldi, Singapurdagi Aolani bulutli xizmatlar kompaniyasi esa qiymati 500 mln dollarlik loyihasini moliyalashtirishdan ayrilmoqda. Nvidia sunʼiy intellekt uchun moʻljallangan grafik protsessorlarni mintaqaga yetkazib berishni davom ettira oladimi-yoʻqmi, hozircha nomaʼlum boʻlib turgan bir paytda banklar kredit berishni toʻxtatdi.
Dell, Supermicro va boshqa server ishlab chiqaruvchilar Singapur, Tailand, Malayziya va Indoneziyadagi mijozlariga taqiq haqida maʼlum qildi. Bu koʻrsatma doimiy yoki vaqtinchalik boʻlishi nomaʼlum.
AQShning yangi qoidalari bulutli xizmat provayderlariga eksport litsenziyasini olish va ularning mijozlari orasida cheklov qoʻyilgan tashkilotlar yoʻqligini tasdiqlash uchun 90 kun vaqt beradi. Sanoat rahbarlaridan biri Financial Times nashriga regulyator arizalarni topshirish tartibini tushuntirmaganini aytdi.
Cheklovlar Xitoyning sunʼiy intellekt kompaniyalariga mamlakat tashqarisidagi hisoblash quvvatlarini ijaraga olish imkoniyatini yopadi. Aolani bunday quvvatlarni ByteDanceʼga yetkazib berish boʻyicha kelishuv tuzgan, biroq Xitoy kompaniyasi modellarni oʻqitish uchun Nvidia chiplaridan foydalanish imkoniga ega boʻlmasa, bu kelishuvdan voz kechishi mumkin.
AQSh 2022 yildan beri ilgʻor sunʼiy intellekt chiplarining Xitoyga eksportini cheklab kelmoqda. 2025 yil dekabrida Nvidia H100 chiplarini u yerga yetkazib berishga ruxsat oldi, biroq xaridorlar AQSh Savdo vazirligidan litsenziya olishi kerak, shuningdek, har bir chip uchun 25 foiz miqdorida yigʻim undiriladi.
