Toshkentda noqonuniy qurilgan 61 ta koʻp kvartirali uy aniqlandi
Poytaxtda jami 320 dan ortiq noqonuniy qurilish obyekti, jumladan, yakka tartibdagi uylar, doʻkonlar, kiosklar va pavilonlar aniqlangan.
Oʻzbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi 61 ta obyekt aynan koʻp kvartirali uylarga tegishli ekanini maʼlum qildi. Avvalroq vazirlik rahbari Sherzod Hidoyatov bunday uylar 720 tadan ortiqligini bildirgan edi. Vazirlik statistikadagi xatoni tan olib, uzr soʻradi.
Muammoli obyektlarni foydalanishga qabul qilish tartibi ishlab chiqilmoqda. Uylar shaharsozlik talablariga, jumladan, bolalar maydonchalari va avtoturargohlar mavjudligi talabiga javob berishi kerak. Shuningdek, ularning mustahkamligini instrumental tekshiruv yordamida baholash rejalashtirilgan. Avvalroq Hidoyatov xonadon xaridorlarini yangi qurilgan uylarning «Shaffof qurilish» tizimida roʻyxatdan oʻtgan-oʻtmaganini tekshirishga chaqirgan edi.




