Oʻzbekistonda Google Pay ishga tushirilishi eʼlon qilindi
Google Pay toʻlov xizmatining Oʻzbekiston bozoriga kirib kelgani haqida 19-oktabr kuni Samarqandda oʻtkazilgan C5+1 formatidagi tadbirda maʼlum boʻldi.

Toʻlov xizmatining Oʻzbekiston bozoriga kirib kelishini Google Cloudʼning Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarida davlat organlari bilan hamkorligi hamda davlat siyosati masalalarini muvofiqlashtiruvchi Martsin Krasuskiy eʼlon qildi. U oʻz nutqida platformaning ikkala nomi — GPay va Google Payʼdan foydalandi.
Oʻzbekistonda Google Pay va Apple Payʼni ishga tushirish imkoniyati yozdayoq muhokama qilingan edi. Iyul oxirida Markaziy bankning toʻlov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov xalqaro xizmatlar yaqin oylar ichida foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlishi mumkinligini maʼlum qilgan. Oʻsha paytga kelib regulyator, tijorat banklari hamda Humo va Uzcard milliy toʻlov tizimlari yangi toʻlov usullarini joriy etish, jumladan, zarur texnik infratuzilmani tayyorlash masalalarida Apple va Google bilan hamkorlik qilib boʻlgan edi.

