AQShda buyumlarni topish va uyni tozalash uchun moʻljallangan 20 ming dollarlik Voxel roboti taqdim etildi
Nyu-Yorkdagi Tuesday Labs kompaniyasi Voxel Series-1 uy robotiga oldindan buyurtma berishni boshladi.

U yoʻqolgan buyumlarni topishi, tartib oʻrnatishi, oʻsimliklarni sugʻorishi va boshqa kundalik vazifalarni bajarishi mumkin. Qurilmaning narxi taxminan 20 ming dollarni tashkil etadi, dastlabki yetkazib berishlar esa 2028 yilga rejalashtirilgan. Oldindan buyurtma berish uchun 200 dollar toʻlash kerak.
Voxel yetti erkinlik darajasiga ega ikkita harakatlanuvchi manipulyator va buyumlar bilan ishlash uchun moʻljallangan tutqichlar bilan jihozlangan. Robotning koʻrish tizimiga stereokameralar hamda xonadagi vaziyatni kuzatish imkonini beruvchi qoʻshimcha keng burchakli kamera kiradi.
Robot tizzalari teskari tomonga bukiladigan, Z shaklidagi ikki oyoqda harakatlanadi. Bunday konstruksiya unga muvozanatni saqlash va balandligini oʻzgartirishga yordam beradi. Shu tariqa u stol, tokcha va oshxona shkaflaridagi buyumlar bilan ishlay oladi.
Ishlab chiquvchilarning rejasiga koʻra, Voxel buyumlarning qayerda turganini eslab qolishi va egasiga, masalan, kalitlar yoki televizor pultini oxirgi marta qayerda koʻrganini aytib berishi mumkin. Bundan tashqari, robot buyumlarni oʻz joyiga qaytarish va murakkab boʻlmagan uy yumushlarini bajarish uchun moʻljallangan.
Shu bilan birga, Tuesday Labs hozircha qurilma vaʼda qilingan vazifalarni qay darajada mustaqil va samarali bajara olishi haqida tafsilotlarni oshkor qilmagan. Dastlabki bosqichda Voxel ovqat tayyorlay olmaydi yoki, masalan, goʻdaklarga qarash kabi murakkabroq ishlarni bajara olmaydi.

