Ijtimoiy yoʻnalishdagi sunʼiy intellekt loyihalarini ishlab chiquvchilarga bepul hisoblash quvvatlari taqdim etiladi
Imtiyozlardan foydalanuvchilarni tanlab olish yiliga ikki marta oʻtkaziladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarning Raqamli rivojlanish vazirligi infratuzilmasidan foydalanish qoidalari tasdiqlandi.
Katta til modellari (LLM) asosidagi loyihalar dasturiy interfeys orqali oyiga 10 million tagacha tokenni bepul qayta ishlashi mumkin. Limitdan oshib ketilganda, qoʻshimcha 50 million token hajmigacha boʻlgan qism uchun 50 foiz chegirmali tarif qoʻllanadi. Foydalanilmagan tokenlar keyingi oyga oʻtkazilmaydi.
Boshqa sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish, sinovdan oʻtkazish, tekshirish va ishga tushirish uchun foydalanuvchiga 120 gigabaytgacha videoxotira ajratilishi mumkin. Bepul yoki imtiyozli foydalanish olti oygacha muddatga taqdim etiladi.
Arizalar 100 ballik tizim asosida baholanadi. Bir foydalanuvchiga bir vaqtning oʻzida faqat bitta loyihani amalga oshirishga ruxsat etiladi.




