Chorsu Manar: kelajak poydevoriga qoʻyilgan ilk tosh va avlodlarga yoʻllangan maktub
2026-yil 19-oktabr kuni Toshkentning tarixiy markazida Chorsu Manar koʻp funksiyali majmuasining ilk toshini qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Ramziy voqea sifatida boʻlajak binoning poydevoriga poytaxtning 2126-yildagi aholisiga yoʻllangan maktub solingan vaqt kapsulasi joylashtirildi.

Ilgari mashhur «Chorsu» mehmonxonasi joylashgan qurilish maydoniga poytaxtdagi eng yirik koʻchmas mulkni rivojlantirish loyihalaridan birini amalga oshirayotgan MANAR Development kompaniyasi vakillari yigʻildi. Marosim davomida kompaniya rahbari Davron Fayzimatov loyihaning shahar uchun ahamiyati, uning merosi hamda bugungi avlodning kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyatiga bagʻishlangan nutq soʻzladi.
Marosimda vaqt kapsulasini joylashtirish alohida oʻrin tutdi. Unga oʻzbek, rus va ingliz tillarida yozilgan maktub solindi. Maktub roppa-rosa bir asrdan soʻng Toshkentda yashaydiganlarga yoʻllangan.
«Biz shunchaki yangi loyiha qurayotganimizni tushunamiz. Bu Toshkent uchun tarix, xotira va alohida ahamiyatga ega joy. Oradan yuz yil oʻtgach, siz yangi texnologiyalar va imkoniyatlarga ega boshqa dunyoda yashaysiz. Uning qanday boʻlishini bilmaymiz, ammo eng muhim narsa oʻzgarishsiz qolishiga umid qilamiz: odamlar intilishda, bunyodkorlikda, rivojlanishda va yaqinlariga gʻamxoʻrlik qilishda davom etadi, oʻzidan noyob narsa qoldiradi. Loyihamiz shahar tarixining bir qismiga va kelajak odamlari uchun faxr manbaiga aylanishiga ishonishni istaymiz…» — marosim ishtirokchilari oldida Davron Fayzimatov oʻqib eshittirgan maktubda shunday deyiladi.
Maktubning asosiy gʻoyasi — avlodlar davomiyligi va oʻzidan shunchaki binolarni emas, balki bundan-da kattaroq narsani: shahar tarixi va uning aholisi hayotining bir qismiga aylanishi mumkin boʻlgan makonni qoldirish istagidir. Bunday maktub uchun joy tanlangani ham ayniqsa ramziydir. Oʻnlab yillar davomida «Chorsu» mehmonxonasi eski Toshkentning meʼmoriy qiyofasini belgilab turuvchi inshootlardan biri boʻlib kelgan. Endi bu yerda shahar tarixining yangi sahifasi boshlanmoqda.
Chorsu Manar loyihasi umumiy maydoni 100 ming kvadrat metrdan ortiq boʻlgan zamonaviy koʻp funksiyali majmua barpo etilishini nazarda tutadi. U turar joylar, biznes-markaz, savdo galereyalari, jamoat hududlari va xalqaro darajadagi mehmonxona infratuzilmasini birlashtiradi.
Loyihaning asosiy tarkibiy qismlaridan biri Radisson brendi ostidagi mehmonxona majmuasi boʻladi. Poytaxtning eng qadimiy va eng taniqli tumanlaridan biri boʻlgan Chorsuning tarixiy muhitiga yangi makonni uygʻunlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Chorsu Manar konsepsiyasi joyning anʼanaviy oʻziga xosligini zamonaviy meʼmorchilik, qulaylik va shahar infratuzilmasiga qoʻyiladigan talablar bilan uygʻunlashtirishga asoslangan.
Ilk toshning qoʻyilishi loyiha amalga oshirilishining yangi bosqichiga oʻtilganini anglatsa, vaqt kapsulasi bu voqeaga qoʻshimcha — insoniy va tarixiy — mazmun berdi. Zero, 19-oktabr kuni Chorsu Manar nafaqat poydevorining ilk toshini, balki kelajakka yoʻllangan maktubni ham oldi. Maktub yoʻllanganlar bu satrlarni allaqachon boshqa Toshkentda — 2126-yil shahrida oʻqib chiqadilar.


