Toshkentda uzunligi 10 km boʻlgan eng uzun «yashil koridor» ishga tushdi
Toshkent yoʻl harakatini tashkil etish markazi oʻlchovlariga koʻra, MKADning Beruniy koʻchasidan Katta Darxongacha boʻlgan qismidan tigʻiz vaqtga toʻgʻri kelmaydigan paytda oʻtish 26 daqiqa oʻrniga 20 daqiqa davom etadi.

10 kilometrlik qismdagi 21 ta svetoforning ishlashi muvofiqlashtirildi va chorrahalarda toʻxtashlar sonini kamaytirish uchun ular tegishlicha sozlandi. Svetofor signallarining davomiyligi transport oqimi hamda yoʻl infratuzilmasining oʻziga xos jihatlari hisobga olingan holda oʻzgartirildi.
Yoʻldan oʻtish vaqtiga oid oʻlchovlar tigʻiz boʻlmagan paytlarda oʻtkazildi. Ertalabki va kechki tigʻiz vaqtlarda safar davomiyligi harakat jadalligi hamda yoʻldagi joriy vaziyatga qarab farq qilishi mumkin.
Iyul oxiridan boshlab Toshkentda «Yashil toʻlqin» tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Shu vaqt ichida poytaxtda bir nechta «yashil koridor» ishga tushdi. Ularda svetoforlarni sinxronlashtirish avtomobil haydovchilariga yoʻl qismlarini kamroq toʻxtash bilan bosib oʻtish imkonini bermoqda.
Yana oʻqing
