Toshkentda yashil hududlarni 1000 gektarga kengaytirish rejalashtirilmoqda
Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov shahar 2035–2040-yillarga borib parklar va oʻrmon-parklar maydonini 3000 gektarga yetkazishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.
Toshkent shahar hokimligi yangi yashil hududlar barpo etiladigan 1000 gektarlik yerlarni belgiladi. Ularni rivojlantirish shahar maydonining 60–70 foizini egallagan past qavatli uy-joylarni renovatsiya qilish bilan bogʻlanmoqda.
Hokimlik, shuningdek, 100 gektar maydonda koʻchatxona tashkil etadi. U yerda 120 million donagacha buta yetishtirish rejalashtirilgan. Butalarning bir qismi koʻkalamzorlashtirish uchun ishlatiladi, bir qismi esa xususiy sektorga sotiladi. Shaharda har yili sakkiz yoshdan oshgan qariyb 120 ming tup daraxt ekish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, hokimlik mavjud parklarning qariyb 800 gektarini oʻzaro bogʻlab, qulay infratuzilma yaratmoqchi.

