Mozilla Windowsʼda Edgeʼni majburan tanlatish boʻyicha shikoyatlar uchun ishonch telefonini ishga tushirdi
Firefox ishlab chiquvchisi 1–855-25-FIREFOX raqamli maxsus ishonch telefonini ochdi. Windows foydalanuvchilari brauzerni majburan tanlatish yuzasidan shu raqamga shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin.

Aksiya yuridik kompaniyalar reklamasi uslubida oʻtkazildi va dasturiy taʼminotni tanlash muammosiga eʼtibor qaratishni koʻzlaydi. Mozilla fikricha, Microsoft foydalanuvchilarni oʻz ekotizimida ushlab qolish uchun turli usullardan foydalanadi.
Jumladan, Windows 10’dan Windows 11’ga zaxira nusxalash orqali oʻtilganda, uchinchi tomon brauzerining sozlamalari saqlanmay qolishi, Edge esa sukut boʻyicha brauzerga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, Outlook, Teams va Windows qidiruvidan keladigan havolalar foydalanuvchi boshqa dasturni tanlagan boʻlsa ham, koʻpincha aynan Edgeʼda ochiladi.
Mozilla, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va boshqa hududlardagi foydalanuvchilar uchun amal qiladigan qoidalar oʻrtasidagi farqlarga eʼtibor qaratadi. Yevropa qonunchiligi tufayli Yevropa Ittifoqi aholisi brauzerlarni tanlash va oʻchirishda koʻproq erkinlikka ega boʻldi.
Kompaniya Microsoftʼni bunday amaliyotni toʻxtatishga va barcha foydalanuvchilarga tanlash uchun teng imkoniyatlar yaratishga chaqirmoqda.




