AQSh harbiy-dengiz kuchlarining uchinchi aviatashuvchisi Yaqin Sharqqa yetib keldi
AQSh vakiliga tayanib xabar bergan Axios nashriga koʻra, USS Theodore Roosevelt yadroviy aviatashuvchisi Yaqin Sharqdagi CENTCOM hududiga kirdi. Eronning janubi-sharqida endi uchta aviatashuvchi guruhi bor.
Yetib kelgan guruh tarkibiga USS Chosin raketa kreyseri, USS Paul Hamilton va USS Decatur esminetslari, shuningdek, Seahawk oʻrta hajmdagi uchuvchisiz kemasi (MUSV) kiradi. U radioelektron razvedka olib borish, suv usti va suv ostidagi vaziyatni kuzatish hamda erta ogohlantirish uchun moʻljallangan.
Eronning janubi-sharqidagi Arabiston dengizida USS George Washington va USS George Bush aviatashuvchilari jangovar navbatchilikda turibdi. Ularning har birida 48 tadan qiruvchi samolyot joylashtirilgan. Eron yaqinida, shuningdek, bitta kreyser, 11 ta raketa esminetsi va USS Miguel Keith ekspeditsion dengiz bazasi joylashgan.
AQSh harbiy-dengiz kuchlarining yana ikki esminetsi Qizil dengizda, toʻrttasi esa Oʻrta yer dengizining sharqiy qismida turibdi. AQSh Harbiy-dengiz instituti maʼlumotlariga koʻra, Yaqin Sharqda 19-avgustdan beri turgan USS George Washington oʻrnini USS Theodore Roosevelt egallashi taxmin qilinmoqda. AQSh uchta aviatashuvchi guruhini maʼlum vaqt davomida bir vaqtning oʻzida hududda saqlab qoladimi-yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.




