OʻTG davlatlari qoʻshma dori xaridi mexanizmini rivojlantiradi
Bishkekdagi uchrashuvda telemeditsina, shifokorlar almashinuvi va 2027 yilda elektron yoʻllanmalarni sinash takliflari ham ilgari surildi, deb xabar berdi Qirgʻiziston Sogʻliqni saqlash vazirligi.

Bishkekda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar sogʻliqni saqlash vazirlarining oltinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni davom ettirish boʻyicha qoʻshma deklaratsiya qabul qilindi.
Bemorlar uchun bu chet elda davolanishga yuborish va qaytgandan keyingi tibbiy kuzatuvni tartibga solish imkonini berishi mumkin. Tomonlar mamlakatlar oʻrtasida masofaviy maslahatlarni ham rivojlantirmoqchi, biroq tibbiy maʼlumotlar milliy qonunchilik va shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish talablariga muvofiq almashiladi.
Qirgʻiziston tibbiyot xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, stajirovkalar hamda mutaxassislar almashinuvini kengaytirishni taklif qildi. Shuningdek, qoʻshma taʼlim dasturlari va kadrlarni raqamli rejalashtirish masalalari ilgari surildi.
Yigʻilishda tibbiyotda sunʼiy intellektdan foydalanishga ham eʼtibor qaratildi. Texnologiyalar diagnostika, tibbiy tasvirlash, ilmiy tadqiqotlar va sogʻliqni saqlash tizimini boshqarishda qoʻllanishi mumkin, ammo bunda bemorlar xavfsizligi, maʼlumotlar himoyasi va shifokor masʼuliyati saqlanishi kerak.
Deklaratsiyada TurkEMT tashabbusi, Turkiy farmakopeya doirasidagi hamkorlik, tadqiqotchilar va talabalar almashinuvi, tibbiy turizm, transplantologiya hamda genom texnologiyalari boʻyicha loyihalar ham qayd etildi. 2027 yilda elektron tibbiy yoʻllanma va xulosalarni sinash mexanizmini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda. OʻTG mamlakatlari dori-darmon va tibbiy buyumlarni birgalikda xarid qilish mexanizmini rivojlantirishga kelishib oldi.