Dilan Harper NBAda Maykl Jordan va Medjik Jonsonning noyob yutugʻini takrorladi
“San-Antonio Spurs” himoyachisi Dilan Harper dastlabki 80 oʻyinda boʻyi 208 sm dan past boʻlgan, 1000 ochko va 300 ta assist qayd etgan hamda zarbalarni 50 foizdan yuqori aniqlikda amalga oshirgan NBA tarixidagi uchinchi oʻyinchiga aylandi.

Harper bu tarixiy natijaga “Phoenix Suns”ga qarshi safardagi oʻyinda erishdi. U 26 daqiqa davomida 17 ochko toʻpladi, beshta ribaund oldi va toʻrtta assist berdi. Maydondan yoʻllangan 10 ta zarbaning yettitasini aniq amalga oshirdi. “San-Antonio” uchrashuvda 122:96 hisobida gʻalaba qozondi.
Muntazam chempionatdagi 80 ta oʻyindan soʻng himoyachining hisobida 1011 ochko va 314 ta assist bor. Uning maydondan yoʻllangan zarbalardagi aniqligi 50,6 foizni tashkil etdi — 805 ta urinishdan 407 tasi aniq boʻldi.
Avval boʻyi 208 sm dan past boʻlgan oʻyinchilar orasida bunday koʻrsatkichlar uygʻunligiga faqat Maykl Jordan va Medjik Jonson erishgan. Boʻy boʻyicha cheklovni hisobga olmasak, Harper dastlabki 80 oʻyinda bunday natija qayd etgan NBA tarixidagi oltinchi basketbolchiga aylandi. Bu roʻyxatga, shuningdek, Karim Abdul-Jabbar, Bred Doerti va Ben Simmons ham kiradi.
“San-Antonio” Harperni 2025 yilgi draftda umumiy roʻyxat boʻyicha ikkinchi raqamda tanladi. U debyut mavsumida 69 ta oʻyin oʻtkazib, har uchrashuvda oʻrtacha 11,8 ochko toʻpladi va 3,9 ta assist berdi. Joriy chempionatda uning oʻrtacha koʻrsatkichlari har bir oʻyinda 18 ochko va 4,4 ta assistgacha oshdi.




