Microsoft, Google va Amazon sunʼiy intellektga milliardlab dollar sarmoya kiritgani haqida hisobot berishga tayyorlanmoqda
Eng yirik texnologik kompaniyalar — Microsoft, Google egasi Alphabet va Amazon — 28–29 oktabr kunlari choraklik moliyaviy natijalarini taqdim etadi.
Investorlar uchun asosiy savol — kompaniyalar daromadi sunʼiy intellektni rivojlantirishga sarflanayotgan ulkan xarajatlarni oqlayaptimi, deb yozadi Business Insider.
Uch korporatsiyaning umumiy bozor qiymati qariyb 10 trln dollarni tashkil etadi. Ular maʼlumotlar markazlarini qurish, kuchli chiplarni xarid qilish va sunʼiy intellekt xizmatlarini rivojlantirishga yuzlab milliard dollar sarflamoqda.
Biroq investorlar bu sarmoyalar yetarlicha foyda keltira olishiga tobora koʻproq shubha qilmoqda. Xarajatlarni qisqartirish ham xavfli: kompaniyalar texnologiyalar poygasida raqiblaridan ortda qolishi mumkin.
Asosiy eʼtibor biznesga hisoblash quvvatlari va sunʼiy intellektdan foydalanish imkonini beradigan Azure, Google Cloud va AWS bulutli xizmatlariga qaratiladi.
Kutilayotgan hisobotlar ushbu xizmatlardan tushadigan daromad qanchalik tez oʻsayotganini va texnologiya gigantlari sunʼiy intellekt atrofidagi shov-shuvni barqaror biznesga aylantira olayaptimi-yoʻqmi, koʻrsatadi.



