Xususiy maktab oʻquvchilari ota-onalari uchun soliq chegarasi oshiriladi
Shavkat Mirziyoyev toʻlovlarni har oy yakunida avtomatik qaytarish tizimi joriy etilishini aytdi.
Oʻzbekistonda farzandi xususiy maktabda oʻqiydigan ota-onalar uchun soliq olinmaydigan daromad chegarasi 3 million soʻmdan 6 million soʻmga oshiriladi, deb maʼlum qildi Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni. Bu oilalarga yiliga 6–7 million soʻmni tejash imkonini beradi.
Soliq idoralari toʻlovlarni har oy oxirida avtomatik qaytarish mexanizmini ishga tushiradi. Ota-onalar mablagʻni qaytarish uchun alohida murojaat qilishi shart boʻlmaydi, biroq yangi tartib qachondan boshlanishi aytilmagan.
Prezident oʻquv yuklamasi yuqori boʻlgan hududlarda xususiy maktablarni ochishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangi choralarni ham eʼlon qildi. Bunday maktablarni tashkil etish va jihozlash xarajatlarining bir qismi uchun imtiyozli kredit hamda 1,5 milliard soʻmgacha subsidiya beriladi.
Maktab uchun bino ijaraga berganlarga yer va mol-mulk soliqlari boʻyicha imtiyoz taqdim etiladi. Barcha tumanlarda boʻsh davlat binolari xususiy maktab ochish uchun bepul ijaraga berilishi, xalqaro akkreditatsiya xarajatlarining esa yarmi qoplanishi rejalashtirilgan.
Yigʻilishda maktablardagi oʻquvchi oʻrinlariga ehtiyoj ortib borayotgani ham qayd etildi. Investitsiya dasturlari orqali yangi oʻrinlar yaratiladi, xususiy sektor esa maktablarga yuklama yuqori boʻlgan hududlarda faolroq jalb qilinadi.
