Peruda merlik saylovida gʻolib tanga tashlash orqali aniqlandi
Peruning janubi-sharqidagi Konima shahrida Ruben Kispe Kapahanya mer boʻldi: u raqibi bilan ovozlar teng kelganidan soʻng oʻtkazilgan qurʼa tashlashda gʻalaba qozondi.
13-noyabr, 01:10

Puno mintaqasidagi Konima meri saylovida «Biz — Peru» partiyasidan Ruben Kispe Kapahanya va «Hamma uchun mamlakat» partiyasidan Salomino Mamani 671 tadan ovoz oldi. Bunday natijada Peru qonunchiligi odatda tanga tashlash shaklida oʻtkaziladigan ommaviy qurʼa tashlashni nazarda tutadi.
Kispe Kapahanya tanga tashlashda gerb tomonini tanladi va tanga uni gʻolib deb topdi. Qurʼa tashlashdan soʻng har ikki nomzod vakillari saylov komissiyasi aʼzolari, politsiyachilar va notarius ishtirokida bayonnomalarni imzoladi.




