Google sunʼiy intellekt yordamida oʻyin yaratishga moʻljallangan Playground platformasini chiqardi
Kompaniyaning maʼlum qilishicha, yangi platforma dasturlash koʻnikmalarisiz, matnli tavsiflar asosida brauzer oʻyinlarini yaratish imkonini beradi.

Google eksperimental Playground xizmatini ishga tushirdi. Unda foydalanuvchilar shunchaki oʻyin gʻoyasini chatda bayon qilish orqali yangi oʻyinlarni yarata oladi. Qoidalar, qahramonlar yoki atrof-muhitni matnli buyruqlar yordamida oʻzgartirish mumkin — dasturlash talab etilmaydi.
Tayyor loyihalar brauzerda sinovdan oʻtkaziladi, ularni shaxsiy foydalanish uchun saqlab qoʻyish, havola orqali ulashish yoki Playground Explore galereyasiga joylashtirish mumkin. Ayrim oʻyinlarda peshqadamlar jadvali va koʻp foydalanuvchili rejim ham mavjud. Platforma Google Gemini, Nano Banana hamda Lyria sunʼiy intellekt modellaridan foydalanadi.
Xizmat bepul, ammo Google One obunachilari tokenlardan foydalanish boʻyicha kengaytirilgan haftalik limitlarga ega boʻladi. Hozircha Playgroundʼdan faqat AQShdagi 18 yoshdan oshgan foydalanuvchilargina foydalanishi mumkin. Kelgusida Google oʻyinlarni yanada murakkabroq ishlab chiqish maqsadida Unityʼga oʻtkazish uchun platformani Unity Spark bilan integratsiya qilishni rejalashtirmoqda.

