Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni 33,6 foizga oshdi
Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokidagi faol korxonalar soni bir yil ichida 33,6 foizga koʻpaydi.

2026-yil 1-noyabr holatiga koʻra, mamlakatda bunday 23 501 ta kompaniya faoliyat yuritgan — bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 5 906 taga koʻp. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlari darak bermoqda.
Faoliyat yuritayotgan korxonalar soni boʻyicha eng yirik xorijiy investor hamon Xitoy boʻlib qolmoqda. Xitoy ishtirokidagi 7 106 ta kompaniya Oʻzbekistonda faoliyat yuritmoqda. Ikkinchi oʻrinda 3 885 ta korxona bilan Rossiya, uchinchi oʻrinda esa 2 544 ta korxona bilan Turkiya turibdi.
Xorijiy kapital ishtirokidagi biznesning katta qismi poytaxtda jamlangan. Toshkent shahrida 14 534 ta shunday korxona roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, bu mamlakatdagi jami korxonalar sonining 61,8 foizini tashkil etadi. Hududlar orasida Toshkent viloyati yetakchilik qilmoqda — kompaniyalarning 13,9 foizi shu viloyat hissasiga toʻgʻri keladi. Keyingi oʻrinlarda Samarqand viloyati (3,5 foiz) va Fargʻona viloyati (3,3 foiz) turadi.
Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning eng koʻpi savdo, sanoat va qurilish sohalarida faoliyat yuritmoqda.




