Tesla Cybercabʼning yangi versiyasida kamera va Starlink uskunasi topildi
Tesla Cybercab V1.5 bagajxonasida qolib ketgan buyumlarni tekshirish uchun moʻljallangan deb taxmin qilinayotgan kamera, tomida esa Starlink uskunasi topildi.

Tesla robotaksi Cybercab tijoriy foydalanishga topshirilgach, uning jihozlarini takomillashtirishda davom etdi. V1.5 versiyasi bagajxonasi qopqogʻida qoʻshimcha kamera topildi. Taxminlarga koʻra, u yoʻlovchilar ichkarida chamadon, paket yoki boshqa buyumlarni qoldirib ketmaganini tekshirishi mumkin.
Cybercab — rul, pedallar va yon koʻzgulari boʻlmagan, ikki oʻrinli elektromobil. Model toʻliq avtonom boshqaruvga moʻljallangan. Tesla maʼlumotlariga koʻra, qariyb 570 litr hajmdagi bagajxonaga ikkita katta chamadon va ikkita qoʻl yuki sigʻadi. Salonda diagonali 21 dyuym boʻlgan markaziy sensorli ekran oʻrnatilgan.
Yangi avtomobillarning tomiga integratsiya qilingan Starlink uskunasi ham koʻzga tashlandi. Cybercab Tesla kompaniyasining oʻz robotaksi xizmatiga asos sifatida yaratilmoqda.
19 noyabr kuni kompaniya Dallasda Cybercabʼda qatnovlarni yoʻlga qoʻydi. Bu yoʻlovchilar aynan shu modeldan foydalanishi mumkin boʻlgan Ostindan keyingi ikkinchi shahardir.
Avvalroq Tesla Cybercabʼni xususiy xaridorlarga sotishni tez orada boshlashini eʼlon qilgan edi. Ayrim mijozlarga buyurtma rasmiylashtirish uchun taklifnomalar allaqachon yuborilmoqda, biroq narx va sotuvlar boshlanadigan aniq sana dastlabki materialda koʻrsatilmagan.




