Teylor Svift «Grammy — 2027» mukofotiga beshta nominatsiyani qoʻlga kiritdi
Xonanda The Life of a Showgirl qoʻshiqlari va albomi uchun «Yil albomi» hamda «Yil yozuvi» nominatsiyalarida mukofotga daʼvogarlik qilmoqda.

Teylor Svift 2027-yil 7-fevral kuni Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan «Grammy» mukofotining 69-marosimida beshta nominatsiyani qoʻlga kiritdi. Uning The Life of a Showgirl albomi «Yil albomi», «The Fate of Ophelia» kompozitsiyasi esa «Yil yozuvi» nominatsiyasiga kiritildi.
Sabrina Carpenter bilan birgalikda yozilgan albomning bosh qoʻshigʻi duet yoki guruh ijrosidagi eng yaxshi pop ijrosi uchun mukofotga daʼvogarlik qilmoqda. «Oʻyinchoqlar tarixi 5» multfilmi uchun yaratilgan «I Knew It, I Knew You» kompozitsiyasi «Yil qoʻshigʻi» va «Vizual media uchun yozilgan eng yaxshi qoʻshiq» nominatsiyalariga sazovor boʻldi.
Svift avval ham «Yil albomi» nominatsiyasida toʻrt marta — Fearless, 1989, folklore va Midnights plastinkalari uchun — «Grammy» mukofotini qoʻlga kiritgan. Bu ijrochilar orasidagi rekord hisoblanadi.
Bu yil nominatsiyalar soni boʻyicha yetakchiga 11 ta nominatsiya bilan Raye aylandi. Undan keyingi oʻrinlarda toʻqqizta nominatsiya bilan Rosalia, yettitadan nominatsiya bilan Ella Langley, Miranda Lambert, Olivia Rodrigo va Phoebe Bridgers bormoqda.
Marosim 50 yildan ortiq vaqt ichida ilk bor CBS telekanalida emas, ABC telekanalida namoyish etiladi. Translyatsiya Disney+ va Hulu platformalarida ham mavjud boʻladi.




