ChatGPT, Gemini va boshqa AI xizmatlaridan shaxsiy maʼlumotlarni qanday oʻchirish mumkin
Neyrotarmoqlardagi maʼlumotlarni bitta tugma orqali toʻliq oʻchirib boʻlmaydi, biroq yangi chatlardan modelni oʻqitishda foydalanishni oʻchirib qoʻyish, xotirani tozalash va ishlab chiquvchidan javoblardagi shaxsiy maʼlumotlarni olib tashlashni soʻrash mumkin.

ChatGPTʼda kerakli sozlama Data controls → Improve the model for everyone boʻlimida joylashgan. Xotira esa Settings → Personalization → Memory boʻlimida alohida tozalanadi. Geminiʼda buni ilovalar tarixi orqali amalga oshirish mumkin: Keep Activity boʻlimida «Oʻchirish va tarixni tozalash» bandini tanlash kerak. Biroq tarix oʻchirilganidan keyin ham Google xizmat ishlashini taʼminlash uchun maʼlumotlarni 72 soatgacha saqlashi mumkin. Tarix yoqilgan boʻlsa, chatlarning ayrim qismlari mutaxassislar tomonidan tekshiriladi, tekshirilgan parchalar esa uch yilgacha alohida saqlanadi.
Claudeʼda maxfiylik sozlamalarida Help improve our AI models bandini oʻchirib qoʻyish kerak. Perplexityʼda akkaunt sozlamalarining Preferences boʻlimida AI data retention tugmasi mavjud: Free, Pro va Max tariflarida u sukut boʻyicha yoqilgan. Uni oʻchirish yangi maʼlumotlarning modelni oʻqitishda ishlatilishiga yoʻl qoʻymaydi, biroq avval toʻplangan maʼlumotlarni oʻchirib boʻlmaydi. Alisaʼda sozlamalar Yandex ID → Maʼlumotlarga kirish → Alisa boʻlimida joylashgan; u yerda «Alisaga yaxshiroq boʻlishga yordam bering» opsiyasini oʻchirish kerak.
Agar bot manzil, telefon raqami yoki yolgʻon maʼlumotlarni koʻrsatsa, avval skrinshotlarni saqlab, asl manba saytini tekshirish kerak. Shundan soʻng ishlab chiquvchiga soʻrov yuborish mumkin: OpenAI bunday murojaatlarni maxfiylik portali orqali (Make a Privacy Request → Remove personal data from ChatGPT responses), Google — Gemini javobidan shikoyat qilish shakli orqali, Anthropic esa Privacy Center yoki privacy@anthropic.com manzili orqali qabul qiladi. Saytlar uchun qoʻshimcha ravishda botlarning materiallarni yigʻishini robots.txt orqali cheklash mumkin.




