Oʻzbekiston BMTning COP31 xalqaro iqlim konferensiyasiga tayyorgarlik koʻrmoqda
Tayyorgarlik doirasida iqlim oʻzgarishlariga moslashish boʻyicha tashabbuslarni taqdim etish, biznes dasturi va ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan.

Oʻzbekistonda delegatsiyaning COP31 — BMTning Iqlim oʻzgarishi boʻyicha doiraviy konvensiyasi Tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasida ishtirok etishiga tayyorgarlik masalalariga bagʻishlangan ishchi uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda mamlakatning forumdagi ishtiroki, ekologik tashabbuslarni ilgari surish va konferensiyani axborot jihatdan yoritish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Oʻzbekistonning iqlim oqibatlarini yumshatishga qoʻshayotgan hissasi hamda barqaror rivojlanish boʻyicha global maqsadlarga erishish haqida soʻz yuritadigan yagona kommunikatsiya kun tartibini shakllantirish masalasi ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunida vazifalar taqsimlanib, qoʻshma harakatlar rejasi tasdiqlandi. COP31 noyabr oyida Turkiyada boʻlib oʻtadi.