Bekzod Qurbonov Astanadagi turnirda konkur boʻyicha Gran-prini qoʻlga kiritdi
Oʻzbekistonlik chavandoz Bekzod Qurbonov Qozogʻistonda oʻtkazilgan konkur boʻyicha Jahon kubogi Yevrosiyo ligasi finalining asosiy musobaqasida birinchi oʻrinni egalladi. Sportchi jarima ochkolari olmasdan marshrutni bosib oʻtgan yagona ishtirokchi boʻldi.

Musobaqalar 22 noyabr kuni Astanadagi «Argʻimak» ot sporti majmuasida boʻlib oʻtdi. Qurbonov MATTS V.G. otida ishtirok etib, balandligi 155 santimetr boʻlgan toʻsiqlardan iborat marshrutni 79,96 soniyada bosib oʻtdi.
Ikkinchi oʻrinni Qozogʻiston vakili Oleg Sokolenko, uchinchi oʻrinni rossiyalik ayol Kseniya Xayrulina egalladi.
Oʻzbekistonlik sportchilar turnirni oltita medal bilan yakunladi: ikkita oltin, uchta kumush va bitta bronza. Qurbonovning oʻzi balandligi 145 va 150 santimetr boʻlgan toʻsiqlar boʻyicha marshrutlarda kumush, 140 santimetr kategoriyasida esa bronza medalini ham qoʻlga kiritdi.
Asosiy Gran-prida gʻalaba qozongani uchun oltin medalni oʻzbekistonlik chavandozga Xalqaro ot sporti federatsiyasi prezidenti Ingmar De Vos shaxsan topshirdi.




