Oltin narxi dollar mustahkamlangani fonida 14 oy ichidagi eng past darajaga tushdi
Investorlar AQSh Federal zaxira tizimi foiz stavkasini oshirishini kutmoqda, bu esa qimmatbaho metallning jozibadorligini pasaytirmoqda.

Oltin narxi dollar mustahkamlanayotgani va AQSh pul-kredit siyosati qatʼiylashtirilishi kutilayotgani sabab pasayishda davom etmoqda. 19 noyabr, payshanba kuni jahon bozorida oltin narxi 1,3 foizga tushib, troya unsiyasi uchun 3 674 dollarga yetdi. Savdolar davomida narx 3 667 dollargacha pasaydi — bu 2025 yil sentyabridan beri eng past daraja. Dekabrda yetkazib beriladigan AQSh oltin fyucherslari 1,5 foizga arzonlab, 3 685,50 dollarni tashkil etdi.
Dollar 2025 yil aprelidan beri eng yuqori darajaga koʻtarildi. Bu AQSh valyutasida sotiladigan oltinni boshqa mamlakatlardagi xaridorlar uchun qimmatroq qiladi. AQSh Federal zaxira tizimi dekabr oyida foiz stavkasini oshirishi kutilayotgani ham qoʻshimcha bosim qilmoqda. Treyderlar bahosiga koʻra, stavkaning 0,25 foiz bandiga oshirilish ehtimoli 94 foizni tashkil etadi.
Foiz stavkalarining yuqoriligi investorlarning oltinga qiziqishini pasaytiradi, chunki u foizli daromad keltirmaydi. Tahlilchilar narxlarning tushishini fond bozoridagi sotuvlar bilan ham bogʻlamoqda: investorlar boshqa aktivlar boʻyicha koʻrilgan zararlarni qoplash uchun qimmatbaho metallarni sotgan boʻlishi mumkin.




