Oʻzbekiston BMT elektron hukumat reytingida 32-oʻrinni egalladi
Oʻzbekiston BMTning 2026 yilgi tadqiqotida 194 davlat orasida 32-oʻrinni egallab, ilk bor elektron hukumat rivojlanish darajasi juda yuqori boʻlgan davlatlar guruhidan joy oldi.

Oʻzbekistonning elektron hukumatni rivojlantirish indeksi 0,8930 ni tashkil etdi. 2020 yilga nisbatan mamlakat reytingda 55 pogʻonaga koʻtarildi.
Tadqiqotda davlatning onlayn xizmatlari, telekommunikatsiya infratuzilmasi va inson kapitali yuqori baholangan. Hisobotda, shuningdek, fuqarolarning boshqaruvdagi ishtiroki hamda Oʻzbekistonning raqamli transformatsiya borasidagi tajribasi qayd etilgan.
Misollar qatorida Sunʼiy intellekt va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish markazining pilot loyihalari, davlat va xususiy sektorlarda sunʼiy intellektni joriy etish, ilmiy hamkorlik hamda sohaviy tanlovlar keltirilgan.
«Oʻzbekiston — 2030» strategiyasida BMT indeksida eng rivojlangan 30 ta davlat qatoriga kirish maqsadi belgilangan. Hukumat yangi natijani elektron hukumat, raqamli davlat xizmatlari va telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻlamoqda.




