Ilon Mask hech kim soʻramagan yana bir Tesla avtomobili haqida gapirdi
Tesla rahbari Ilon Mask kompaniya olti yoki yetti kishini tashish uchun rul va pedallarsiz, avtonom Model Y versiyasini ishlab chiqarishni rejalashtirayotganini aytdi

Mask loyiha haqida New York Times DealBook Summit sammitida gapirdi. Uning soʻzlariga koʻra, bunday avtomobil cheklangan miqdordagi yoʻlovchiga moʻljallangan Cybercab modelini toʻldirishi hamda oilalar va guruhlarga mos kelishi kerak. Tesla avtomobilni qayerda va qachondan ishlab chiqarishni boshlashini hozircha aniqlashtirmadi.
Eng yaqin oʻxshash model iyul oyida kompaniya AQSh bozoriga chiqargan Model Y L — uchinchi qator oʻrindiqlariga ega Model Yʼning uzaytirilgan versiyasi boʻlishi mumkin. Yana bir variant — qoʻshimcha qator oʻrnatish imkoniyatiga ega oddiy Model Y. Ayni paytda Teslaʼning amaldagi robotaksi parki asosan rul va pedallar bilan jihozlangan Model Y avtomobillaridan iborat. Boshqaruv organlarisiz yangi model uchun kompaniya federal xavfsizlik talablariga muvofiqlik masalasini ham hal qilishi kerak boʻladi.
Toʻliq avtonom avtomobillarga talab cheklanganligicha qolmoqda. Cox Automotive tadqiqotida soʻralganlarning atigi 10 foizi odam boshqara olmaydigan avtomobilni eng jozibador deb atagan. Eng mashhur variant toʻliq avtonom, biroq qoʻlda boshqarish imkoniyati ham mavjud boʻlgan avtomobil boʻldi — 28 foiz. Toʻliq avtonom avtomobilda oʻzini xavfsiz his qilishini aytganlar ulushi zamonaviy, haydovchiga yordam beruvchi asosiy tizimlarga ega avtomobil uchun 87 foizga qarshi 38 foizni tashkil etdi.




