Germaniya, Avstriya va YIga aʼzo yana uch davlat Ruandadagi deportatsiya markazlari boʻyicha muzokaralarni boshlashni rejalashtirmoqda
Germaniya va YIga aʼzo yana toʻrt davlat 2027-yildan boshlab boshpana soʻrovi rad etilgan, biroq hozircha vataniga deport qilib boʻlmayotgan migrantlarni Ruandaga yuborishni rejalashtirmoqda.

Muzokaralarni boshlash rejalari haqida 16-noyabr kuni Germaniya ichki ishlar vaziri Aleksander Dobrindt hamda Daniya, Gretsiya, Niderlandiya, Avstriya va Ruanda vakillari maʼlum qildi. Ruanda bilan muzokaralar eng ilgʻor bosqichda, biroq loyiha hozircha shakllanish jarayonida.
Dobrindtning aytishicha, markazlar Germaniya qonunlari va inson huquqlari sohasidagi xalqaro meʼyorlar asosida, xalqaro tashkilotlar ishtirokida ishlaydi. Migrantlarning aniq soni hali belgilanmagan; ommaviy lagerlar oʻrniga integratsiyaga asoslangan yondashuv, jumladan, Ruandada kasb-hunar taʼlimi olish imkoniyati rejalashtirilmoqda.
Amnesty International va Pro Asyl tashkiloti inson huquqlari uchun xavflardan ogohlantirib, odamlarni ular bilan hech qanday aloqasi boʻlmagan mamlakatga yuborish gʻoyasini tanqid qildi. Vena shahridagi konferensiya vaqtida qariyb yuz kishi loyihaga qarshi norozilik bildirdi.




