AQSh, Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motorsʼga qiziqish bildirdi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi avtomobil ishlab chiqaruvchini investorlarga imtiyoz bermagan holda, tanlov asosida xususiylashtirishni rejalashtirmoqda, deb yozadi UzDaily.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) UzAuto Motors aksiyalarining 99,7 foizi va UzAuto Motors Powertrainʼning 100 foizini sotuvga tayyorlamoqda. Jarayon xalqaro audit va aktivlarni baholashni oʻz ichiga oladi.
Xususiylashtirishga tayyorgarlik koʻrish uchun DABA tanlov asosida tanlangan Alvarez & Marsal konsalting kompaniyasini jalb qildi. Kompaniya kompleks tekshiruv oʻtkazib, tahliliy materiallar tayyorlamoqda. DABA direktori Sohibjon Murodov xorijiy kompaniyalarning qiziqish bildirayotgani ularga xarid qilish kafolatini bermasligini taʼkidladi — bitim ochiq savdolar orqali amalga oshiriladi.
Keyingi bosqichlarda aktivlarni mustaqil baholash, savdolarni tashkil etish uchun xalqaro maslahatchini jalb qilish va xususiylashtirish boshlanishi haqida eʼlon berish koʻzda tutilgan. Investorlar arizalar topshirishi mumkin, shundan soʻng eng yaxshi shartlarni taklif qilganlar bilan muzokaralar oʻtkaziladi.

