WSJ: Jensen Huang NVIDIAʼga qaytarilishidan oldin direktorlar kengashiga boshqa nikohdan tashqari munosabatlari haqida aytgan
NVIDIA rahbari Jensen Huang direktorlar kengashiga qoʻshimcha nikohdan tashqari munosabatlari haqida aytib, xatti-harakatlaridan afsusda ekanini bildirgan. Bu tadbirkor kompaniya rahbari lavozimiga qayta tiklanishidan oldingi uzoq davom etgan yigʻilish vaqtida yuz bergan, deb yozadi The Wall Street Journal muhokamadan xabardor manbalarga tayanib.

OAV maʼlumotlariga koʻra, avvalroq Huangning kamida uch nafar ayol bilan munosabatlari borligi haqida xabarlar tarqalgan. Ular orasida Singapurdagi Megaspeed International kompaniyasi rahbari Alice Huang va NVIDIA vitse-prezidenti Kimberly Powell ham bor. Reuters, shuningdek, tadbirkorning kompaniyaning ismi oshkor qilinmagan yana bir xodimasi bilan munosabatlari haqida xabar bergan.
WSJ yozishicha, 22 noyabr kuni Huang direktorlar kengashi aʼzolariga ilgari keng jamoatchilikka maʼlum boʻlgan ikki munosabatidan tashqari boshqa munosabatlari haqida ham aytib, pushaymonligini bildirgan. Biroq bu iqrorlar Reuters avval xabar bergan, ismi oshkor qilinmagan NVIDIA xodimasi bilan munosabatlarni ham oʻz ichiga olganmi yoki yoʻqmi, hozircha nomaʼlum. Nashr munosabatlarning aniq soni va barcha ayollarning shaxsini aniqlashtirmagan.
Muhokamadan soʻng direktorlar kengashi Huangni bosh direktor lavozimiga qaytarish uchun bir ovozdan ovoz bergan. Forbes maʼlumotlariga koʻra, kengash tadbirkor munosabatlarning oʻzi bilan ham, ular haqida kompaniyaga xabar bermagani bilan ham korporativ xulq-atvor kodeksini buzgan, degan xulosaga kelgan.




