GTA VIʼning kompyuterlar uchun versiyasi internetga sizib chiqdi
Taxmin qilinayotgan oʻyin fayli internetda paydo boʻldi, shundan soʻng ishqibozlar uni kompyuterlarda ishga tushirishga harakat qila boshladi; sizdirilgan faylning haqiqiyligi hozircha tasdiqlanmagan.

Taxmin qilinayotgan bajariladigan fayl eʼlon qilinganidan soʻng Discordʼdagi ishqibozlar GTA 6’ni Linux, Mac va Windowsʼda ishga tushirishga harakat qila boshladi. Hozircha oʻyin beqaror ishlamoqda: qotib qoladi va teksturalar hamda yoritishsiz oddiy grafikani koʻrsatadi.
Aytishlaricha, faylni avval oʻyinning tugallanmagan versiyasi videosini eʼlon qilgan va kriptovalyutada millionlab dollar jamgʻargan xaker Cyberleek joylagan. Bu safar u fayllarni bepul taqdim etishini bildirdi. Rockstar Games va Xbox izoh soʻrab yuborilgan murojaatlarga javob bermadi.
Teskari muhandislik loyihalari ishtirokchilari allaqachon birinchi toʻsiqni — oʻyinni ishga tushirishni — yenga oldi. Bir necha soat ichida ular vizual detallarga javob beradigan shaderlarning bir qismini yuklashga muvaffaq boʻldi. Biroq norasmiy ishlaydigan port yaratilishigacha haftalar yoki oylar oʻtishi mumkin, loyiha esa umuman amalga oshmasligi ehtimoli bor.
Urinishlar Rockstar Games va Take-Two Interactiveʼning qarshiligiga duch keldi: kamida bitta yirik Discord serveri bloklandi, loyiha rahbari esa keyingi ishlarni davom ettirishdan voz kechdi. GTA 6 PlayStation 5 va Xbox Series X uchun mavjud, biroq kompyuterlar uchun rasmiy port eʼlon qilinmagan.




