Don Toliver Manchesterdagi hodisadan keyin Londondagi ikki konsertini boshqa sanalarga koʻchirdi
AQShlik repper Manchesterdagi konsertda yuz bergan hodisadan keyin The O2 va OVO Arena Wembleyʼdagi chiqishlarini boshqa sanalarga koʻchirdi.

Londondagi konsertlarning yangi sanalari mos ravishda 15 va 14 dekabr etib belgilandi. Tashkilotchilar konsertlarning koʻchirilishiga Toliverning sahna va ishlab chiqarish uskunalari Manchesterdaligi hamda ularni Londonga oʻz vaqtida yetkazib boʻlmagani sabab boʻlganini maʼlum qildi.
Har ikki konsert uchun chiptalar oʻz kuchida qoladi. Manchesterdagi boʻlib oʻtmagan konsert uchun tomoshabinlarga pullari avtomatik ravishda qaytarilishi vaʼda qilindi.
Hodisadan keyin Co-op Live arenasidan 12 000 dan ortiq kishi evakuatsiya qilindi. Greater Manchester politsiyasi maʼlumotiga koʻra, 89 nafar tashrif buyuruvchida modda taʼsiri bilan bogʻliq boʻlishi taxmin qilinayotgan alomatlar kuzatilgan. Bir ayol kasalxonaga olib ketildi, qolganlarga esa joyida yordam koʻrsatilib, ular vaqtincha Etihad stadioniga joylashtirildi.
Politsiya dastlab olomonga koʻzdan yosh oqizuvchi gaz tarqalgan boʻlishi mumkinligini taxmin qildi, biroq bu hozircha tasdiqlanmagan. Huquq-tartibot idorasi hodisani kengroq xavf tugʻdirmaydigan alohida holat deb hisoblamoqda va moddaning tarkibi hamda kelib chiqishini aniqlashda davom etmoqda. Hibsga olishlar boʻlmagan.




