Samarqandda Oʻzbekistonda taʼlim kreditini isloh qilish muhokama qilindi
2026-yil 20–21-noyabr kunlari Samarqandda bitiruvchilar daromadiga bogʻliq holda qaytariladigan kreditlar modeli va Oʻzbekistondagi islohotlarga tayyorgarlik muhokama qilindi.

Xalqaro davra suhbatini Oʻzbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Jahon banki «Eduimkon» loyihasi doirasida tashkil etdi. Ishtirokchilar oliy va kasbiy taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, amaldagi kreditlash tizimini takomillashtirish hamda uning moliyaviy barqarorligini koʻrib chiqdilar.
Ekspertlar Avstraliya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlar tajribasini taqdim etdi. Muhokama qilingan yondashuvlar qatoridan oliy taʼlim xarajatlarida ishtirok etishning HECS sxemasi hamda qaytariladigan summa bitiruvchining daromadiga bogʻliq boʻlgan ICL kreditlari oʻrin oldi. Qirgʻiziston va Ozarbayjon vakillari mintaqaviy amaliyot bilan oʻrtoqlashdi.
Amaliy qism ICL modelini Oʻzbekiston sharoitiga moslashtirishga bagʻishlandi. Ishtirokchilar turli ssenariylarni modellashtirish, daromad chegarasi, qaytarish stavkalari, bitiruvchilar bandligi va tizimning davlat budjetiga taʼsirini muhokama qildilar. Shuningdek, soliq va mehnat tizimlari oʻrtasida maʼlumot almashish, idoralar hamda moliya tashkilotlari oʻrtasida vazifalarni taqsimlash va qarz oluvchilar daromadlarini kuzatish masalalari alohida koʻrib chiqildi.
Uchrashuv yakunlari va ishtirokchilar takliflarini taʼlimni moliyalashtirish sohasidagi islohotlar yoʻl xaritasini tayyorlashda hisobga olish rejalashtirilmoqda.




