Turkiya va Qatar kompaniyalari Buxorodagi yangi aeroport terminalini quradi
Turkiyaning Limak İnşaat va Qatarning Hamad Bin Khalid Contracting kompaniyalaridan iborat konsorsium «Yangi Buxoro» xalqaro aeroportining yoʻlovchi terminalini qurish va boshqarish boʻyicha tenderda gʻolib chiqdi, deb xabar berdi Uzbekistan Airports.

Xalqaro tanlov 2026-yil 12-mart kuni eʼlon qilingan. Saralash ikki bosqichda oʻtkazilgan, yakuniy bosqichga olti kompaniya yetib kelgan.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Gʻoliblar bilan qurilish ishlari uch yilgacha davom etadigan 23 yillik kelishuv tuzish rejalashtirilmoqda.
Konsorsium soatiga 1200 yoʻlovchiga xizmat koʻrsatadigan terminal, avtoturargoh va unga tutash infratuzilmani quradi. Uchish-qoʻnish yoʻlagi hamda perronni davlat oʻz zimmasiga oladi.
Loyiha sayyohlar oqimini koʻpaytirish va Buxoroning xalqaro havo qatnovlarini kengaytirishga yordam berishi kutilmoqda.




