Bojxona deklaratsiyasini endi onlayn toʻldirish mumkin
Toʻldirilgan shaklni telefonda saqlab, chegarada bojxona xodimiga koʻrsatish kerak.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini onlayn topshirish xizmati ishga tushganini maʼlum qildi. Bu xizmat shaxsiy ehtiyoj uchun olib kirilayotgan tovarlar haqidagi maʼlumotlarni chegaraga yetib kelishdan oldin kiritish imkonini beradi.
Xizmat my.gov.uz portalining «Bojxona» boʻlimida va MyGov ilovasida mavjud. Foydalanuvchi shaklni toʻldirgach, elektron hujjatni telefonida saqlaydi va chegaradan oʻtayotganda bojxona xodimiga koʻrsatadi.
Deklaratsiyada mobil telefonlar va boshqa qurilmalar, zargarlik buyumlari, maishiy texnika va elektronika, naqd pul, ayrim dori vositalari hamda alohida nazorat qilinadigan tovarlarni koʻrsatish mumkin. Bunday tovarlar qatoriga qurol-yarogʻ, dronlar, radioelektron vositalar va tarixiy-madaniy boyliklar kiradi.
Tovarlarning miqdori yoki qiymati bojsiz olib kirish meʼyoridan oshsa, ularni deklaratsiya qilish talab etiladi. Milliy yoki xorijiy naqd valyuta uchun bunday talab ekvivalentdagi 100 mln soʻmdan ortiq summa olib kirilganda qoʻllanadi.
Bojsiz olib kirish chegarasi transport turiga qarab belgilanadi: samolyotda — $1 000 gacha, poyezd yoki daryo transportida — $500 gacha, avtomobilda yoki piyoda — $300 gacha. Meʼyordan oshgan qism uchun belgilangan tartibda bojxona toʻlovi undiriladi.
