Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligiga qoʻshgan hissasi uchun FAOning oliy mukofotini oldi
Oʻzbekiston prezidenti qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi tashabbuslari va ochlikka qarshi kurashdagi xizmatlari uchun «Agricola» medali bilan taqdirlandi, deb xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

6-oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) rahbari Tsyuy Dunʼyuy bilan uchrashdi. Unda agrar soha va oziq-ovqat xavfsizligi yoʻnalishidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqildi.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va FAO 27 ta qoʻshma loyihani hamda yangi besh yillik sheriklik dasturini amalga oshirmoqda. Mamlakat 2028–2029-yillar uchun ilk bor FAO Kengashi tarkibiga saylandi. 7-oktabr kuni Toshkentda dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar uchun Agroinnovatsiya xabi ochiladi.
Mukofot qishloq va suv xoʻjaligidagi yutuqlar hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga qoʻshilgan hissa uchun topshirildi. «Agricola» medali 1977-yilda taʼsis etilgan boʻlib, ochlikka qarshi kurashdagi xizmatlar uchun beriladi.

