Tramp QUAD yetakchilari suratga tushish marosimida matbuot anjumani oʻtkazib, hamkasblarining noroziligiga sabab boʻldi
AQSh prezidenti Donald Tramp Toʻrt tomonlama xavfsizlik muloqoti (QUAD — Avstraliya, Hindiston, AQSh va Yaponiya) yetakchilarining rasmiy suratga tushish marosimini shaxsiy matbuot anjumaniga aylantirdi va shu tariqa boshqa ishtirokchilarning noroziligiga sabab boʻldi, deb xabar bermoqda TASS.

Bu hodisa ASEAN doirasida oʻtkazilayotgan QUAD sammiti boshlanishidan oldin yuz berdi. Tramp, Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi, Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Avstraliya bosh vaziri Entoni Albanese rasmiy suratga tushish uchun oʻz mamlakatlari bayroqlari fonida saf tortishdi — marosimni Fox News telekanali jonli efirda namoyish qildi. Bir necha soniyadan soʻng Tramp sukutni buzib, barchaga salomlashdi va «bu yerda juda doʻstona muhit» ekanini taʼkidladi.
Shundan keyin amerikalik jurnalistlar prezidentga AQShdagi vaziyat va uning Xitoyga boʻlajak safari haqida baland ovozda savollar bera boshladi. Protokol vakili savollarni toʻxtatishga urindi, biroq Tramp bajonidil javob berishga kirishdi. QUADning boshqa mamlakatlari yetakchilari yuz berayotgan voqeadan hayratda qoldi: Modi hamkasblariga suratga tushish joyini tark etishni taklif qildi, biroq ular Tramp jurnalistlar bilan muloqotini yakunlaguniga qadar qariyb besh daqiqa noqulay tarzda oʻsha yerda turishda davom etdi. Shundan soʻng protokol xodimlari yetakchilar oldiga kelishdi.
QUAD sammiti seshanba kuni ASEAN doirasidagi tadbirlar oʻtkazilayotgan Manila shahrida boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.




